Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Belorussiya Yuqori texnologiyalar parki asoschisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

29 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Belorussiya Respublikasining Yuqori texnologiyalar parki asoschisi Valeriy Sepkalo bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv mobaynida mehmonlar Yuqori texnologiyalar parki faoliyatining huquqiy, tashkiliy va iqtisodiy asoslari, unga a’zo ishlab chiqaruvchilarning huquq va majburiyatlari, dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish yuzasidan tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tomonlar yangi va yuqori texnologiyalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish aloqalarni kengaytirish, dasturiy ta’minot va axborot texnologiyalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish, bu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi ishlab chiqaruvchilarni huquqiy va iqtisodiy, tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydigan IT-parklarni tashkil qilish, shuningdek AKT sohasi uchun kadrlar tayyorlash hamda mutaxassislarning malakasini oshirishda hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildilar.

Belorussiyalik mutaxassislar O‘zbekistonning AKTga, jumladan kadrlar tayyorlash sifatiga alohida e’tibor qaratayotgani, xorijiy ta’lim muassasalar bilan hamkorlik, xususan Toshkent shahridagi Inha universiteti faoliyatining yo‘lga qo‘yilganini yuqori baholashdi.

Belarussiya Yuqori texnologiyalar parki mamlakat rahbarining qarori asosida 2005 yilda tashkil qilingan. Uning asosiy maqsadi mamlakatdagi dasturiy ta’minot va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ishlab chiqaruvchilari uchun maqbul muhit yaratishdan iborat.

Bugungi kunda mazkur tuzilmaga 173 nafar kompaniya va firmalar a’zo bo‘lishgan. Bu tadbirkorlik sub’ektlari 2020 yilgacha barcha turdagi korporativ soliq, jumladan qo‘shimcha qiymat solig‘i va daromad solig‘idan ozod qilingan. Mazkur ishlab chiqaruvchilarning xodimlaridan olinadigan daromad solig‘i belgilangan 9% dan oshmaydi va umumiy yillik daromadga kiritilmaydi.

Belarussiya Yuqori texnologiyalar parki ishlab chiqaruvchilarni ro‘yxatga olishning eksterritoriallik huquqiga ega. Ya’ni, bu tuzilma faqatgina belgilangan hududda faoliyat olib bormaydi. Unga mamlakatning xohlagan hududida faoliyat olib borayotgan kompaniya a’zo bo‘lishi va Yuori texnologiyalar parkining imtiyozlaridan foydalanishi mumkin.

Ayni paytda Yuqori texnologiyalar parkida ishlab chiqarilayotgan 91,5% dasturiy ta’minot mahsulotlari eksportga chiqarilmoqda. Ulardan 40,2%i AQSh va Kanada, 46,7%i Yevropa, 10,7%i Rossiya va MDH mamlakatlariga sotilmoqda.

Aytish joizki, Yuqori texnologiyalar parkiga a’zo dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvichlari yaratgan mobil ilovalar bugun 193 ta davlatda, 900 milliondan ziyod foydalanuvchilariga ega. Shuningdek, bu tuzilma 66 mamlakatdan doimiy buyurtmachilariga ega.

2016 yilda Belarussiyaning umumiy eksportida YuTPning ulushi 12% (820,6 mln dollar)ni tashkil qilgan. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan dasturiy ta’minot mahsulot eksporti 86 dollarni tashkil qilgan.

Manba: mitc.uz

Топ рейтинг www.uz
© Aloqaloyiha, 2011-2016
Ma`lumotlardan nusxa
ko`chirayotganda,
saytimizga ssilka
qo`yish shart