Aloqachilar kuni bilan

Ushbu bayramning mamlakatimizda muntazam nishonlanib kelinishining o‘ziga xos tarixi mashhur rus fizigi va kashfiyotchisi Aleksandr Stepanovich Popovning radiosignallarni hech qanday qo‘shimcha qurilmalar va simlarsiz uzata oladigan va qabul qila oladigan birinchi radiotizim taqdimotini o‘tkazgan 1895-yil 7-may kuniga borib taqaladi.
Ushbu olamshumul kashfiyot axborot signallari almashinuvini amalga oshirish uchun eng ishonchli texnologiya sifatida bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotmagan. Radiotizim texnologiyasi aloqa va kommunikasiyani ta'minlash yo‘lidagi eng muhim va zarur vosita sifatida insoniyat tamadduni taraqqiyotida yangi sahifa ochilishiga zamin yaratib, butun jahonda insonlar o‘rtasida o‘zaro muloqotning o‘zgacha tamoyillarga asoslangan uslublari yaratilishiga asos bo‘ldi.
Yillar o‘tib, tarix chambaragi aylanib boravergani sari, boshqa sanaga o‘zgartirishni iloji topilmay meros bo‘lib kelayotgan aloqachilar kasb bayrami Mustaqillik yillaridan to bugungi kungacha davomli tarzda kasb bayrami sifatida nishonlash an'anaga aylandi.
Ushbu sana boshqa katta tantanali sanalardek dam olish kuni sifatida bayram qilinmasa-da,  katta kasb bayrami sifatida yuz ming nafardan ziyod aloqachilaru radiotexnik mutaxassislar, radio va televidenie kanallari xodimlariyu pochta xizmatchilari hamda radiofizika fakul'tetlari o‘qituvchi va talabalarini qamrab olgan katta jamoaning bayrami sifatida nishonlanadi. Bu bayramni mamlakatimizda sodir bo‘layotgan muhim voqea-hodisalar haqida tezkor axborotlarni yetkazib beruvchilarning ham hech mubolag‘asiz alohida kasb bayrami desak yanglishmaymiz.
Kun sayin ehtiyojga va talabga monand axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan tezkor zamonda aloqa tizimlarining yo‘nalishi va qamrovi cheksiz ravishda  murakkablashib, sayqallashib, taraqqiy etayotganligi natijasi o‘laroq ma'lumotlarni chegara bilmas soniyalarda uzatish va bir vaqtning o‘zida bir nechta ob'ekt va qurilmalar hamda insonlar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni ta'minlashga imkon yaratmoqda. Bularning barchasi beminnat, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan mohir aloqachilarimizning xizmatlari mevasidir.
Kasbi aloqachi bo‘lgan inson borki, ularning issiq yo sovuq, qorli yoki yomg‘irli kunmi har doim aloqani me'yorda ushlab turish uchun kunduzini uyqusiz tunlarga ulashini, mashaqqatli mehnatdan qochmay, ko‘rsatayotgan fidoyiligini alohida ifodalab, davlatning strategik ahamiyatga ega aloqa, axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari sohasini rivojlantirishdagi mehnatlari va mehnatkashligini yuksak qadrlagan holda ularni fidoyi va chaqqon askarlarga mengzasak arziydi.